Labga filler nima va qanday ishlaydi
Labga filler bu gialuron kislotasi asosidagi yumshoq gel. U ingichka igna yoki kanyulya bilan lablarga yuboriladi, hajm qoʻshadi va konturni aniqroq qiladi. Gialuron kislotasi organizmda oʻzi ham bor, shuning uchun gel toʻqimaga yaxshi moslashadi va vaqt oʻtib asta-sekin soʻriladi. Natija vaqtinchalik, kerak boʻlsa shaklni tuzatsa boʻladi. Koʻpchilik bu muolajani «labga gel quyish» deb ham ataydi.
Filler bilan nimalarni qilsa boʻladi:
- yupqa lablarga hajm qoʻshish;
- xiralashgan konturni aniq qilish;
- yuqori va pastki lab nisbatini tenglashtirish;
- lab burchaklarini biroz koʻtarish;
- lab ustidagi mayda ajinlarni silliqlash.
Lablar tabiiy koʻrinishi uchun nima qilamiz
Lab yuzga mos boʻlishi kerak. Avval yuz proporsiyasi, profil, burun va iyak chizigʻiga qaraymiz, keyin hajmni belgilaymiz. Birdaniga koʻp gel qoʻygandan koʻra, kerak boʻlsa ikki haftadan keyin ozgina qoʻshgan maʼqul. Shunda lablar toʻlaroq boʻladi, lekin yuzga yot koʻrinmaydi.
Kimga mos keladi va qachon qilmaymiz
Lab kattalashtirish tabiatan yupqa, yosh bilan hajmini yoʻqotgan yoki shakli notekis lablar uchun mos. Muolaja 18 yoshdan boshlab qilinadi. Undan keyin qaror yoshga emas, lablaringiz holati va qanday natija kutayotganingizga qarab qabul qilinadi.
Koʻpincha mana shu sabablar bilan kelishadi:
- yuqori lab pastki labdan ancha yupqa;
- lab chegarasi yillar oʻtib xiralashgan, lab ustida mayda ajinlar paydo boʻlgan;
- bir tomoni boshqasidan kattaroq yoki shakli notekis;
- lablar yosh bilan yupqalashib, hajmi kamaygan.
Agar maqsad yuzga mos kelmaydigan keskin oʻzgarish boʻlsa, buni ochiq aytamiz va muolajani qilmaymiz. Burun-lab burmalari va ogʻiz burchagidan iyakka tushadigan chiziqlar alohida zona: ular konturli plastika bilan ishlanadi. Sizga qaysi yoʻl toʻgʻri kelishini kosmetolog konsultatsiyasida aniqlaymiz.
Lablar uchun qaysi filler: Juvéderm yoki Neuramis
Lablar uchun koʻpincha Juvéderm Volbella yoki Juvéderm Smile tanlaymiz: bu gellar lab uchun moʻljallangan va mimikaga yaxshi moslashadi. Lablar gapirganda, ovqatlanganda va kulganda doim harakatda, gel ham ular bilan birga harakatlanishi kerak. Kattaroq hajm kerak boʻlsa Juvéderm 3 yoki Volift, narxi qulayroq variant esa Neuramis Deep.
| Preparat | Ishlab chiqaruvchi | Qachon tanlaymiz |
|---|---|---|
| Juvéderm Volbella | Allergan, Fransiya | Tabiiy hajm va nozik kontur |
| Juvéderm Smile (Ultra Smile), 0,55 ml | Allergan, Fransiya | Kontur va yengil hajm, kichik shprits |
| Juvéderm 3 (Ultra 3) | Allergan, Fransiya | Sezilarliroq hajm |
| Juvéderm Volift | Allergan, Fransiya | Lablar va lab atrofidagi burmalar |
| Neuramis Deep | Medytox, Koreya | Lab hajmi, narxi qulayroq |
| Neuramis Light | Medytox, Koreya | Lab atrofidagi mayda yuzaki ajinlar |
Juvéderm gellari tarkibida lidokain bor, shuning uchun muolaja yengilroq oʻtadi. Lab filler narxi har bir preparat boʻyicha jadvalda koʻrsatilgan.
Jadvaldagi Juvéderm Voluma, Juvéderm 4 va Neuramis Volume yonoq va iyak uchun, Teoxane Redensity 2 koʻz osti uchun, Juvéderm Volite esa teri sifati uchun. Ular haqida konturli plastika sahifasida yozganmiz.
Baʼzan igna oʻrniga uchi toʻmtoq kanyulyadan foydalanamiz: teshiklar kamroq boʻladi, koʻkarish ham odatda kamroq. Kanyulya jadvalda alohida qatorda.
Labga filler quyish qanday oʻtadi
Muolaja odatda 40-60 daqiqa davom etadi. Vaqtning katta qismi koʻrik va anestetik krem taʼsir qilishini kutishga ketadi, filler yuborishning oʻzi koʻpincha 15-20 daqiqa oladi.
- Koʻrik va suhbat: lab shakli va yuz proporsiyasini koʻramiz, qarshi koʻrsatmalarni tekshiramiz, natijani oldindan birga kelishib olamiz.
- Lablarga taxminan 20 daqiqaga anestetik krem surtiladi.
- Teriga antiseptik bilan ishlov beriladi.
- Filler ingichka igna yoki kanyulya bilan kichik porsiyalarda yuboriladi, har bosqichda simmetriyani tekshiramiz.
- Gel yengil massaj bilan taqsimlanadi, sovuq kompress qoʻyiladi, uydagi parvarish boʻyicha tavsiya beramiz.
Ogʻriqli boʻladimi
Lab yuzdagi eng sezgir joylardan biri. Anestetik krem va Juvéderm gellaridagi lidokain tufayli koʻpincha bosim, sanchish va yengil achishish seziladi. Muolaja davomida toʻxtab, oʻzingizni qanday his qilayotganingizni soʻrab turamiz.
Muolajaga qanday tayyorlanish kerak
Oldingi kuni spirtli ichimlik ichmang: u koʻkarish ehtimolini oshiradi. Qonni suyultiruvchi dori ichsangiz, qabulga yozilayotganda ayting. Sizga yoqqan lablar rasmini olib kelishingiz mumkin: bu didingizni tushunishga yordam beradi, lekin yakuniy shaklni yuzingizga moslab tanlaymiz. Muolajaga lab boʻyogʻisiz keling.
Necha ml kerak va natija qancha saqlanadi
Birinchi muolajada koʻpincha 0,5-1 ml yetarli boʻladi. Aniq hajmni lablarning boshlangʻich holati va siz xohlagan natija belgilaydi, uni koʻrikda aytamiz. Natija darhol koʻrinadi va odatda bir necha oydan bir yilgacha saqlanadi.
- 0,5 ml konturni aniqlaydi va yengil hajm beradi, natija juda tabiiy koʻrinadi.
- 1 ml hajmni sezilarliroq oshiradi, tabiatan yupqa lablarga koʻpincha shu miqdor tanlanadi.
Hajmni bir muolajada keskin oshirmaymiz. Yupqa lab koʻp gelni birdaniga yaxshi qabul qilmaydi, shuning uchun katta hajm kerak boʻlsa, ishni ikki bosqichga boʻlamiz. Shunda lablar tabiiyroq koʻrinadi.
Birinchi kunlarda shish lablarni kattaroq koʻrsatadi. Shish qaytib, gel toʻqimaga joylashib olishi uchun odatda 2 hafta kerak. Shu vaqtda nazorat koʻrigiga chaqiramiz va kerak boʻlsa ozgina korreksiya qilamiz.
Juvéderm Volbella uchun ishlab chiqaruvchi 12 oygacha natija haqida yozadi. Lablar koʻp harakatlanadi, shuning uchun gel bu yerda yonoq yoki iyakka nisbatan odatda tezroq soʻriladi. Muddat moddalar almashinuvi, yosh va odatlarga bogʻliq, har kimda har xil. Takroriy muolaja hajm sezilarli kamayganda qilinadi, koʻpincha kamroq miqdor bilan.
Fillerni eritish mumkinmi
Mumkin. Gialuron kislotali filler gialuronidaza fermenti bilan eritiladi, shuning uchun shaklni kerak boʻlsa qisman yoki toʻliq tuzatsa boʻladi. Qaror koʻrikdan keyin qabul qilinadi.
Lab kattalashtirishdan keyin: shish va parvarish
Muolajadan keyin lablar shishadi, biroz ogʻriydi, igna joylarida kichik koʻkarishlar boʻlishi mumkin. Bu odatiy holat: shish koʻpincha birinchi 1-2 kunda eng kuchli boʻladi va bir necha kunda qaytadi. Toʻy yoki boshqa muhim tadbirdan kamida 2 hafta oldin qilgan maʼqul.
Birinchi kunlarda:
- 24 soat lab boʻyogʻi va boshqa kosmetika surtmang;
- lablarni ezmang, massaj qilmang, bir-ikki kun oʻpishmang;
- birinchi kuni issiq choy-qahva va spirtli ichimlikdan saqlaning;
- ikki hafta sauna, hammom, solyariy va ogʻir sportdan voz keching;
- dastlabki kechalarda yuzingizni yostiqqa bosib uxlamang, chalqancha yotgan maʼqul.
Shishni kamaytirish uchun salfetkaga oʻralgan sovuq kompressni qisqa vaqt qoʻysangiz boʻladi.
Kuchli ogʻriq, lab terisining oqarishi yoki koʻkimtir tusga kirishi odatiy holat emas. Bunday holatda darhol klinikaga qoʻngʻiroq qiling.
Qarshi koʻrsatmalar
Lab kattalashtirish quyidagi holatlarda qilinmaydi yoki keyinga suriladi:
- homiladorlik va emizish davri;
- labda faol gerpes, yalligʻlanish yoki toshma;
- shamollash, isitma va boshqa oʻtkir kasalliklar;
- filler tarkibiga yoki lidokainga allergiya, ilgari kuchli allergik reaksiya boʻlgan boʻlsa;
- faol autoimmun va onkologik kasalliklar;
- qon ivishining buzilishi yoki qonni suyultiruvchi dorilar (qaror koʻrikda qabul qilinadi);
- keloid chandiqlarga moyillik;
- labga ilgari doimiy (soʻrilmaydigan) filler yuborilgan boʻlsa;
- 18 yoshgacha.
Labda tez-tez gerpes chiqsa, oldindan ayting: muolaja uni qoʻzgʻatishi mumkin, shuning uchun vaqtini shunga qarab rejalashtiramiz.

