Pilingdan keyin yuz parvarishi: kunma-kun nima mumkin, nima mumkin emas
Birinchi kun, poʻst tashlash haftasi va quyosh: pilingdan keyin teri tinch va dogʻsiz tiklanishi uchun nima qilish va nimadan saqlanish kerak.
Muallif: Anora Yakubovna, kosmetolog
Pilingdan keyin parvarish (uxod) uchta narsaga tayanadi: yumshoq yuvinish, namlantiruvchi krem va har kuni SPF 50. Birinchi hafta yuzni qashimaysiz, poʻstni shilib olmaysiz, skrab, kislota va retinolni chetga qoʻyasiz. Qizarish va poʻst tashlash odatda bir haftada oʻtadi, lekin yangi teri yana kamida ikki hafta quyoshga sezgir boʻlib turadi.
Pilingdan keyin teri bilan nima boʻladi
Piling terining ustki qatlamiga nazorat ostida taʼsir qiladi, teri esa bunga javoban yangilanadi. Bir necha kun uning himoya toʻsigʻi zaif boʻladi: namlik tez bugʻlanadi, quyosh, issiqlik va ishqalanish terini odatdagidan koʻproq taʼsirlantiradi.
Natija koʻp jihatdan shu kunlarga bogʻliq. Teri tinch tiklansa, rang tekislanadi, yuz tetiklashadi. Quyoshda koʻp yursangiz yoki poʻstni qoʻl bilan shilsangiz, oʻsha joyda pigment dogʻ qolishi mumkin. Tez qorayadigan teri bunga ayniqsa moyil, bunday dogʻlar esa sekin ketadi. Dogʻ qolib ketsa nima qilish kerakligini yuzdagi dogʻlar haqidagi maqolada yozganmiz.
Tiklanish qancha davom etishi piling turiga bogʻliq:
- PRX-T33 va BioRePeel: teri odatda deyarli koʻchmaydi, yengil qizarish boʻlsa, koʻpincha bir necha soatda oʻtadi;
- karbon piling: bir necha soatlik yengil qizarish;
- sariq piling: teri koʻpincha 2-3-kuni koʻcha boshlaydi va bu bir necha kun davom etadi, biroz shish va qichishish boʻlishi mumkin;
- pH formula: protokolga bogʻliq, odatda yengil oʻtadi.
Quyidagi reja yuzaki pilinglar uchun. Kosmetologingiz boshqacha tavsiya bergan boʻlsa, unga amal qiling.
Pilingdan keyingi birinchi kun
Birinchi kuni terini tinch qoʻying: yuzga qoʻl tekkizmang, yangi vosita sinab koʻrmang, issiqdan uzoqroq yuring. Qizarish, yuzning qizib turishi va tortilishi bu soatlar uchun odatiy.
Sariq piling teriga bir necha soatga qoldiriladi. Uni qachon yuvishni kosmetolog aytadi: bu vaqtni oʻzingiz qisqartirmang ham, choʻzmang ham. Boshqa pilinglardan keyin, agar kosmetolog boshqacha aytmagan boʻlsa, yuzni kechqurun yoki ertasi kuni ertalab yuvsa boʻladi.
Birinchi kun qoidalari:
- yuzni iliq yoki salqin suvda, ishqalamasdan yuving va sochiq bilan ohista bosib quriting;
- klinikada berilgan tinchlantiruvchi kremni surting;
- pardoz qilmang;
- issiq dush, hammom va sport zalni keyinga qoldiring;
- toza yostiq jildida uxlang.
Yuz qizarib, achishsa nima qilish kerak
Toza matoni salqin suvga hoʻllang va yuzga bosmasdan 5-10 daqiqa tutib turing. Muzni toʻgʻridan-toʻgʻri teriga qoʻymang. Issiq suv, spirtli tonik va mentolli vositalar achishishni kuchaytiradi.
Dastlabki kunlarda krem surtganda teri bir necha soniya jimirlashi mumkin, bu odatiy. Achishish kuchli boʻlsa yoki bosilmasa, kremni yuvib tashlang va kosmetologga yozing.
Pilingdan keyin parvarish: 2-7-kunlar
Bu hafta teri tiklanadi. Poʻst tashlash boʻladigan boʻlsa, aynan shu kunlarga toʻgʻri keladi. Vazifangiz: terini nam saqlash, quyoshdan asrash va unga xalaqit bermaslik.
Yuvinish
Ertalab va kechqurun yumshoq vosita (penka yoki gel) bilan yuving: kislotasiz, skrab zarrachalarisiz, atirsiz. Suv iliq boʻlsin, issiq emas. Sponj, choʻtka va yuz yuvadigan apparatlarni hozircha yigʻishtirib qoʻying.
Teri koʻchsa
Poʻstni qoʻl bilan shilmang, skrab bilan tezlashtirishga ham urinmang. Ostidagi yangi teri hali yetilmagan: uni ochib qoʻysangiz, oʻsha joyda dogʻ qolishi mumkin. Namlantiruvchi krem poʻstni yumshatadi va uni kamroq bildiradi. Osilib qolgan poʻstni tortmang, xalaqit bersa, toza kichkina qaychida ehtiyot boʻlib kesib qoʻying.
Teri qichishsa
Sariq pilingdan keyin teri qichishi mumkin. Qashimang: tirnoq yangi terini shikastlaydi va dogʻ qoldirishi mumkin. Salqin kompress va namlantiruvchi krem yordam beradi. Qichishish kuchli boʻlsa yoki uxlashga qoʻymasa, kosmetologga yozing, dorini oʻzingiz tanlamang.
Husnbuzar chiqsa
Pilingdan keyingi kunlarda bir-ikkita mayda husnbuzar (ugri) chiqishi mumkin. Koʻpincha bu teshikchalardagi tiqinlar yuzaga chiqayotganini yoki teri juda qalin kremga shunday javob berayotganini bildiradi. Ularni siqmang, spirtli vosita bilan quritmang, kremni yengilrogʻiga almashtiring. Toshma koʻp boʻlsa, yiringlasa yoki bir haftada kamaymasa, kosmetologga yozing.
Pardoz
Teri koʻchmayotgan boʻlsa, pardozni odatda ertasi kundan qilsa boʻladi. Koʻchayotgan teriga tonal krem yaxshi yotmaydi, quruq joylarni battar koʻrsatib qoʻyadi. Bu kunlarda pardozni yengil qiling, choʻtka va sponjlar toza boʻlsin.
Sport, hammom va basseyn
Ter va issiqlik qizarishni kuchaytiradi, xlorli suv terini quritadi. Faol mashgʻulotlarni odatda 2-3 kunga, hammom, sauna va basseynni taxminan bir haftaga qoldiring.
Pilingdan keyin yuzga nima surtish kerak
Bu kunlarda vositalar qancha kam boʻlsa, shuncha yaxshi. Yumshoq yuvinish vositasi, oddiy namlantiruvchi krem va SPF 50 yetadi. Kremda pantenol, seramidlar, glitserin yoki gialuron kislotasi boʻlsa yaxshi. Juda quruq joylarga qalinroq krem yoki malhamni yupqa qilib surting.
Quyoshdan himoya kremi keng spektrli boʻlsin, yaʼni UVA va UVB nurlarining ikkalasini ham toʻssin. Sezgir teri koʻpincha mineral filtrlarni (sink oksidi, titan dioksidi) yaxshiroq koʻtaradi.
Kosmetolog ruxsat bermaguncha chetga qoʻying:
- retinol va boshqa retinoidlar;
- kislotali tonik, serum va disklar (AHA, BHA);
- skrab va enzimli pudralar;
- spirtli losonlar;
- yuqori konsentratsiyali C vitamini serumlari;
- loyli maskalar, limon yoki soda qoʻshilgan uy maskalari.
Odatdagi parvarishga qaytish
Poʻst tashlash tugab, teri achishmay qoʻygach (koʻpincha 7-10-kunlari), avvalgi parvarishga qaytsa boʻladi. Vositalarni bittadan qoʻshing, orasida bir necha kun qoldiring:
- Avval oʻzingizning yuvinish vositangiz va kremingiz.
- Keyin yumshoq serumlar.
- Eng oxirida retinol, kislotalar va skrab, kosmetolog ruxsat bergandan keyin.
Shunda teri biror vositaga taʼsirlansa, qaysi biri ekanini darrov bilasiz.
Pilingdan keyin necha kun quyoshdan saqlanish kerak
Kamida ikki hafta toʻgʻridan-toʻgʻri quyoshdan saqlaning, SPF 50 kremni esa butun kurs davomida va undan keyin ham har kuni surting. Kremni ayamang: yuz va boʻyin uchun barmoq uzunligidagi ikki chiziq krem kerak, yupqa surtilsa, qutida yozilgan himoya boʻlmaydi. Tashqarida har 2 soatda, terlaganingizdan yoki yuzni artganingizdan keyin yangilang. Solyariy va quyoshda qorayish bu davrda mumkin emas.
Toshkentda quyosh qishda ham kam boʻlmaydi. Mavsumga qarab nimalarga eʼtibor berish kerak:
- Yoz. Poʻst tashlatadigan pilinglar, masalan sariq piling, jaziramada kamdan-kam qilinadi, koʻproq yengillari tanlanadi. Ulardan keyin ham tush paytida quyoshga chiqmang, keng chetli shlyapa kiying. Konditsioner havoni quritadi, kremni tez-tez surtishga toʻgʻri keladi. Kun boʻyi yuzga chang va ter yigʻiladi, kechqurun yumshoq vosita bilan albatta yuving.
- Kuz va qish. Piling uchun qulay payt, lekin quyoshli kunlar koʻp, SPF baribir kerak. Isitish havoni quritadi: xonada havo namlagich boʻlsa, teri kamroq tortiladi.
- Togʻ. Pilingdan keyingi ikki haftada Chimyon yoki Amirsoyga borishni rejalashtirmang. Togʻda ultrabinafsha nurlar kuchliroq, qor esa ularni qaytarib, taʼsirini yanada oshiradi.
Qishda ham SPF nega kerakligini qishki SPF haqidagi maqolada tushuntirganmiz.
Pilingdan keyin nima mumkin emas: qisqa jadval
Yuzdagi boshqa muolajalar ham kutib turadi. Chistka, yuz massaji, gua sha va yuzdagi tuklarni mum yoki shugaring bilan olishni 1-2 haftaga qoldiring. Inʼeksiyalar va keyingi piling qachon mumkinligini kosmetolog aytadi. Toʻy yoki fotosessiya boʻlsa, poʻst tashlatadigan pilingni kamida ikki hafta oldin qiling.
| Nima mumkin emas | Qancha vaqt | Nega |
|---|---|---|
| Poʻstni shilish, qashish | Teri toʻliq tiklanguncha | Dogʻ yoki chandiq qolishi mumkin |
| Toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh, solyariy | Kamida 2 hafta | Pigment dogʻ chiqish xavfi |
| Pardoz | Odatda 24 soat | Teri qoʻshimcha taʼsirlanmasligi uchun |
| Sport | 2-3 kun | Ter qizarishni kuchaytiradi |
| Hammom, sauna, basseyn, issiq vanna | Taxminan 1 hafta | Issiqlik va xlor terini taʼsirlantiradi |
| Spirtli ichimlik | 1-2 kun | Qizarishni kuchaytirishi mumkin |
| Skrab, kislotalar, retinol | Koʻpincha 7-10 kun, kosmetolog ruxsat berguncha | Yangi teri hali nozik |
| Chistka, yuz massaji, mum bilan tuk olish | 1-2 hafta | Teri ortiqcha shikastlanadi |
Sariq pilingdan keyin bu muddatlar biroz uzayishi mumkin.
Qachon kosmetologga yozish kerak
Odatdagi tiklanish uchun uyda yumshoq yuvinish, krem va SPF yetarli. Quyidagi holatlarda esa kutib oʻtirmasdan kosmetologga yozing:
- qizarish va achishish 2-3 kundan keyin kamaymay, aksincha kuchaysa;
- terida pufakchalar, hoʻl boʻlib turgan joylar yoki qatqaloq paydo boʻlsa;
- kuchli shish yoki ogʻriq boʻlsa;
- lab yoki yuzda uchuqqa oʻxshash toshma chiqsa;
- poʻst tushgandan keyin toʻq dogʻlar paydo boʻlsa.
Harorat koʻtarilsa yoki yiring paydo boʻlsa, bu infeksiya belgisi boʻlishi mumkin: shu kuniyoq shifokorga boring. Boshqa holatlarda ham oʻzingiz davolashga urinmang: teringizni qanchalik erta koʻrsatsangiz, muammoni hal qilish shunchalik oson.
Xalq usullarini va tanishlar maslahat bergan kremlarni bu kunlarda sinab koʻrmang: zaif teri yangi vositaga osongina taʼsirlanadi.
Klinikada nima qilamiz
Pilingdan oldin kosmetolog terini koʻrib chiqadi va bir nechta savol beradi: qanday dori ichyapsiz, retinol surtasizmi, yaqinda husnbuzarga qarshi izotretinoin ichmaganmisiz, quyoshda qoraymadingizmi. Labda uchuq tez-tez chiqsa, buni albatta ayting: piling uni qoʻzgʻatishi mumkin. Uyda retinol surtsangiz, uni pilingdan bir necha kun oldin toʻxtatishga toʻgʻri keladi, aniq muddatni kosmetolog aytadi.
Homiladorlik va emizish davrida piling qilinmaydi: sariq pilingdagi retinoidlar ham, PRX-T33 va BioRePeel tarkibidagi TCA ham bu davrga toʻgʻri kelmaydi.
Pilingni teringiz, mavsum va rejalaringizga qarab tanlaymiz. Bir haftadan keyin toʻy yoki safar boʻlsa, poʻst tashlatmaydigan variantni taklif qilamiz. Seans tugagach, aynan sizning pilingingizdan keyin uyda nima surtish va nimadan vaqtincha voz kechishni tushuntiramiz. Kursda har bir keyingi seans teri qanday tiklanganini koʻrishdan boshlanadi.
Klinikamizdagi pilinglar, ularning farqi va narxlarini piling sahifasida koʻrishingiz mumkin. Teringizga qaysi biri mosligini kosmetolog konsultatsiyasida aniqlaymiz.
Koʻp beriladigan savollar
Pilingdan keyin qachon pardoz qilsa boʻladi?
Teri koʻchmayotgan boʻlsa, odatda ertasi kundan. Birinchi kuni pardozsiz yurgan maʼqul. Koʻchayotgan teriga tonal krem yaxshi yotmaydi va quruq joylarni koʻrsatib qoʻyadi, shuning uchun bu kunlarda pardozni yengil qiling, choʻtkalar toza boʻlsin. Sariq pilingdan keyin kosmetolog koʻproq kutishni soʻrashi mumkin.
Pilingdan keyin necha kun quyoshga chiqmaslik kerak?
Uyda oʻtirish shart emas, lekin kamida ikki hafta toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh ostida yurmang, solyariy va qorayish bu davrda mumkin emas. SPF 50 kremni butun kurs davomida va undan keyin ham har kuni surting, tashqarida har 2 soatda yangilang. Toshkentda quyosh qishda ham faol, shuning uchun bu qoida har qanday mavsumga tegishli.
Poʻst tashlash qancha davom etadi, uni tezlashtirsa boʻladimi?
Yuzaki pilingdan keyin teri koʻchsa, bu odatda 2-3-kuni boshlanadi va taxminan bir haftada tugaydi. Tezlashtirish uchun skrab ishlatmang, poʻstni qoʻl bilan shilmang: ostidagi teri hali yetilmagan, oʻsha joyda dogʻ qolishi mumkin. Namlantiruvchi krem poʻstni yumshatadi va uni kamroq bildiradi.
Pilingdan keyin poʻst tashlamadi, demak piling ishlamadimi?
Yoʻq. PRX-T33 va BioRePeel terini deyarli koʻchirmasdan yangilaydi, ular shunday ishlaydi. Sariq pilingdan keyin ham teri baʼzan juda yengil koʻchadi. Teri qanchalik koʻchgani natijani belgilamaydi: rang va teri sifati odatda bir necha hafta ichida oʻzgaradi, kurs oxiriga borib bu aniqroq koʻrinadi, lekin natija har kimda har xil.
Pilingdan keyin husnbuzar chiqsa, bu odatiymi?
Bir-ikkita mayda husnbuzar chiqishi mumkin: koʻpincha bu teshikchalardagi tiqinlar yuzaga chiqayotgani yoki teri qalin kremga shunday javob berayotgani. Ularni siqmang, kremni yengilrogʻiga almashtiring. Toshma koʻp boʻlsa, yiringlasa yoki bir haftada kamaymasa, kosmetologga koʻrining.
Pilingdan keyin yuzni yuvsa boʻladimi?
Ha, faqat ehtiyot boʻlib. Kosmetolog boshqacha aytmagan boʻlsa, birinchi marta kechqurun yoki ertasi kuni ertalab yuving. Sariq piling esa kosmetolog aytgan vaqtda yuviladi. Iliq yoki salqin suv va kislotasiz yumshoq vosita ishlating, yuzni ishqalamang, sochiq bilan ohista bosib quriting.
Maqola maʼlumot uchun yozilgan va mutaxassis koʻrigining oʻrnini bosmaydi.



